
Dissertatsiya yozish – bu uzoq muddatli, izchil rejalashtirilgan ilmiy izlanish natijasi bo‘lib, uni tayyorlashga kirishishdan avval tadqiqotchi mavzu, maqsad va ilmiy muammo mohiyatini to‘liq anglab yetishi lozim. Ko‘p hollarda noto‘g‘ri tushuncha sifatida dissertatsiya matnini kirish qismidan boshlash tavsiya etiladi. Aslida esa, kirish qismi dissertatsiyaning eng mas’uliyatli, eng umumlashtiruvchi bo‘limi bo‘lib, uni yozish ishning yakuniy bosqichida amalga oshirilishi kerak.
Dissertatsiya kirish qismi – butun ilmiy ishning “ko‘zgusi” hisoblanadi. Unda tadqiqotning dolzarbligi, maqsadi, vazifalari, ilmiy yangiligi, nazariy va amaliy ahamiyati, himoyaga chiqarilayotgan holatlar va dissertatsiya tuzilmasi aniq ifodalanadi. Biroq bu elementlar faqat mavzu to‘liq o‘zlashtirilganda, tadqiqot natijalari umumlashtirilganda to‘liq va to‘g‘ri shakllantiriladi. Shu sababli dissertatsiyani asosiy qismdan yozishni boshlash maqsadga muvofiqdir.
Asosiy qismning o‘rni va hajmi
Dissertatsiyaning asosiy qismi ilmiy ishning markaziy mazmunini tashkil etadi va butun hajmning kamida 70 foizini egallashi lozim. Ushbu qismda tadqiqotning nazariy asoslari, metodologiyasi, tahlil natijalari, tajribaviy ma’lumotlar, muhokamalar va ilmiy xulosalar bayon etiladi.
Asosiy qism mantiqiy struktura asosida boblar va paragraflarga bo‘linadi:
Nomzodlik dissertatsiyasi odatda 3–4 bobdan,
Doktorlik dissertatsiyasi esa 4 va undan ortiq bobdan iborat bo‘ladi.
Har bir bob kamida 2 paragrafdan tashkil topadi.
Boblar hajm jihatdan nisbatan teng, mantiqiy bog‘langan va ketma-ketlikda bo‘lishi zarur. Har bir bob dissertatsiya mavzusining alohida bir aspektini yoritadi.[1]
Dissertatsiya quyidagi tarkibiy qismlardan iborat boʻlishi lozim:
titul varagʻi
mundarija;
Oldingi tahrirga qarang.
kirish (dissertatsiya annotatsiyasi);
asosiy qism;
xulosa;
foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati;
shartli belgilar va atamalar roʻyxati (mavjud boʻlsa);
ilovalar (mavjud boʻlsa).[2]
Titul varag‘i to‘ldirish tartibi
Titul varag‘i dissertatsiya ishining birinchi sahifasi bo‘lib, qat’iy belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Titul varag‘ida quyidagilar ketma-ketlikda joylashtiriladi:
1. Yuqori maydonda – dissertatsiya bajarilgan oliy o‘quv yurtining yoki ilmiy tashkilotning to‘liq nomi.
Bu qism pastki matndan gorizontal chiziq bilan ajratiladi.
2. So‘ngra dissertantning familiyasi, ismi va otasining ismi (F.I.Sh.) bosh harflar bilan yoziladi.
3. Sahifaning o‘rtasida dissertatsiya mavzusi (qo‘shtirnoqsiz, “mavzu” so‘zisiz) joylashtiriladi.
4. Mavzudan keyin – mutaxassislik shifri va yo‘nalishi, hamda himoya qilinayotgan ilmiy daraja (masalan: 10.00.06 – Tilshunoslik; Filologiya fanlari doktori) ko‘rsatiladi.
5. O‘ng chetda – ilmiy rahbar yoki maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va lavozimi yoziladi.
6. Pastki qismda – dissertatsiya yozilgan joy (shahar) va yil (masalan: Toshkent – 2025) ko‘rsatiladi.
Falsafa doktori (Doctor of Philosophy) dissertatsiyasi titul varagʻining shaklini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatining “Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida:gi 2015-yil 20-apreldagi Qarorining 1-ilovasidan to‘liq olishingiz mumkin.[3] (https://lex.uz/docs/-2622518#-3445769)
Kirish qismlarining ilmiy talablari
Kirish – tadqiqotning pasporti. Unda quyidagilar qat’iy tarzda aks etadi:
mavzuning dolzarbligi;
tadqiqot maqsadi va vazifalari;
obyekti va predmeti;
ilmiy yangilik;
himoyaga chiqariladigan asosiy holatlar;
ishning nazariy va amaliy ahamiyati;
tadqiqot natijalarining sinovdan o‘tkazilishi;
dissertatsiya tuzilmasi.
Dissertatsiya strukturasi va mantiqiy rejalashtirish
Dissertatsiyaning mantiqiy tuzilmasi bir zumda shakllanmaydi. U tadqiqot jarayonida, material to‘planib, tahlil qilingach aniqlanadi. Shu bois tadqiqotchi avval dissertatsiyaning “fikriy maketi”ni ishlab chiqishi lozim – bu kelajakdagi ilmiy ishning konseptual modeli hisoblanadi.[4]
Ushbu maket quyidagicha tuziladi:
Boblar va paragraflarning nomi aniq, mazmun jihatdan qisqa va mavzuga to‘g‘ri mos bo‘lishi kerak.
Reja elementlari mavzudan tashqariga chiqmasligi, shu bilan birga, mavzuni to‘liq qamrab olishi lozim.
Reja dissertatsiyaning mantiqiy skeleti sifatida, butun bayonning izchilligini ta’minlaydi.
Shuningdek, har bir bob o‘z ichida quyidagi mantiqiy tarkibga ega bo‘lishi mumkin:
1. Kirish (muammoni bayon qilish)
2. Nazariy asoslar yoki adabiyotlar tahlili
3. Tadqiqot metodlari va materiallar
4. Olingan natijalar va ularning tahlili
5. Oraliq xulosalar
Bob nomlarini shakllantirish talablari
Dissertatsiyaning har bir bobining nomi:
mavzu bilan mazmunan mos, ammo undan torroq bo‘lishi lozim;
umumiylikni emas, muayyan jihatni ifodalashi zarur;
nomida ilmiy aniq terminologiya, lo‘nda ifoda ishlatiladi;
“tahlil”, “baholash”, “takliflar ishlab chiqish” kabi faol so‘zlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Masalan:
Noto‘g‘ri: “Ta’lim tizimini takomillashtirish masalalari”
To‘g‘ri: “Oliy ta’lim tizimida raqamli boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish yo‘llari”.
Matn yozish jarayoni
Dissertatsiya matnini yozish – bu ijodiy va analitik faoliyat bo‘lib, uni qoralama shaklida bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim. Har bir paragraf, hatto kichik bo‘lim ham, umumiy g‘oya – “dissertatsiyaning intellektual fabulasiga” xizmat qilishi kerak.
Matn yozishda:
manba va adabiyotlarga havolalar qat’iy ilmiy uslubda keltiriladi;
har bir ilmiy mulohaza asoslanadi;
Xulosa qismlarining ilmiy talablari
Xulosa esa dissertatsiyaning umumlashtiruvchi qismi bo‘lib, unda:
asosiy natijalar va ilmiy xulosalar bayon etiladi;
tadqiqotning ilmiy yangiligi qisqacha qayd etiladi;
amaliy tavsiyalar beriladi;
keyingi izlanishlar uchun istiqbollar ko‘rsatiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati ilmiy etikaga muvofiq tuziladi va foydalanilgan manbalar GOST yoki O‘zR Davlat standarti talablariga ko‘ra tartiblanadi.
Ilovalar
Ilovalar esa ishning mazmuniga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi: jadval, grafik, anketa, dastur kodi, eksperiment natijalari va boshqalar.
Yakuniy tavsiyalar
Dissertatsiya yozish jarayonida izchillik, aniqlik, dalillilik va ilmiy uslub saqlanishi shart.
Har bir bo‘lim o‘zaro mantiqiy bog‘liq va umumiy konsepsiyaga xizmat qiluvchi bo‘lishi kerak.
Tahrir jarayonida til, uslub, termin va manbalar yaxlitligi ta’minlanadi.
Tayyor ish himoyadan oldin ilmiy rahbar, ekspert va tahrir kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Eng muhim tavsiyalardan biri sifatida, tadqiqotchi (dissertant) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2015-yil 20-apreldagi “Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori mazmuni va talablarini to‘liq o‘rganib chiqishi zarur.
Mazkur qaror dissertatsiya ishining tuzilishi, hajmi, rasmiylashtirish talablari, texnik dizayni, bibliografik ko‘rsatkichlar, iqtibos keltirish tartibi hamda avtoreferat tayyorlash qoidalarini me’yoriy jihatdan belgilab beradi. Shu sababli bu hujjat bilan tanishish dissertatsiya yozish jarayonida ilmiy me’yorlarga rioya qilish, metodik aniqlikni ta’minlash va himoyaga tayyorlanayotgan ishni davlat standartlariga mos holga keltirish uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur me’yoriy hujjat dissertatsiya rasmiylashtirishning yagona talablarini belgilab, barcha ilmiy darajaga da’vogarlar faoliyatida ilmiy intizom, hujjat madaniyati va uslubiy yaxlitlikni ta’minlaydi. Qarorda dissertatsiyaning tarkibiy qismlari — titul varag‘i, mundarija, kirish, asosiy boblar, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati, ilovalar hamda avtoreferat uchun qo‘yiladigan tarkibiy va mazmuniy standartlar aniq ko‘rsatib berilgan.
Shuningdek, mazkur qoidalar dissertatsiya ishini xalqaro ilmiy-texnik standartlar bilan uyg‘unlashtirish, tadqiqot natijalarini metodik, lingvistik va rasmiy jihatdan yagona formatda taqdim etish imkonini beradi. Shu bois, dissertantning ushbu qaror bilan chuqur tanishib chiqishi nafaqat rasmiy talablarga rioya etish, balki ilmiy ishining sifati, aniqligi va akademik madaniyatini yuksaltirishning ham muhim omilidir.
[1] https://tuit.uz/ru/dissertatsiya-strukturasi
[2] Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rayosatining “Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida:gi 2015-yil 20-apreldagi Qarori (https://lex.uz/docs/-2622518#-3445769)
[3] (https://lex.uz/docs/-2622518#-3445769)
[4] https://jizpi.uz/ru/doktarantura/pageDOK4