Markaz raqami
+998 55 519-02-02
Markaz raqami
+998 55 519-02-02
Baholash va monitoring boshqarmasi ta’lim tizimida sifatni oshirish, o‘quv jarayonining samaradorligini baholash hamda dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishni ta’minlashga qaratilgan faoliyatni amalga oshiradi. Boshqarma ta’lim natijalarini kompleks tahlil qilish, baholash tizimini takomillashtirish, milliy va xalqaro baholash tadqiqotlarini tashkil etish va monitoring mexanizmlarini joriy etish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, boshqarma ta’lim sohasida zamonaviy baholash yondashuvlarini joriy etish, o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini aniqlash hamda ularning rivojlanish dinamikasini kuzatish bo‘yicha tizimli ishlarni olib boradi.
Baholash va ijtimoiy-amaliy tadqiqotlar bo‘limi
Bo‘limning asosiy vazifalari:
Bo‘lim ta’lim jarayonida baholash tizimini tashkil etishning ilmiy-uslubiy asoslarini ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshiradi. O‘quvchilarning bilim darajasi, ijtimoiy holati va ta’lim natijalariga ta’sir etuvchi omillarni chuqur o‘rganish maqsadida ijtimoiy-amaliy tadqiqotlar tashkil etadi va ularning natijalari asosida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqadi.
Shu bilan birga, bo‘lim milliy baholash dasturlarini ishlab chiqish, ularni sinovdan o‘tkazish va amaliyotga joriy etish jarayonlarini muvofiqlashtiradi. Baholash natijalari asosida tahliliy ma’lumotlar tayyorlanib, ta’lim siyosatini takomillashtirish, o‘quv dasturlari va metodikalarni rivojlantirish bo‘yicha asoslangan tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Bo‘lim faoliyati ta’lim sifatini muntazam monitoring qilish, natijalarni solishtirma tahlil qilish va ularning dinamikasini kuzatish orqali ta’lim tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi mexanizmlar ishlab chiqishdan iborat. Shuningdek, bo‘lim tomonidan ta’limda baholash va monitoringni tashkil etish asoslari, baholashning nazariy va metodik jihatlariga doir ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, xalqaro hamkorlar, jumladan, UNICEF ekspertlari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida “Umumiy oʻrta taʼlimda milliy baholash konsepsiyasi” ishlab chiqilmoqda.
Bo‘lim tomonidan milliy baholash tadqiqotlari o‘tkazilib, o‘quvchilarning bilim darajasi hududlar, gender va ijtimoiy omillar kesimida tahlil qilindi hamda natijalar asosida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik doirasida UNESCO, UNICEF, Cambridge University Press & Assessment, JICA va boshqa tashkilotlar bilan tajriba almashish, xalqaro konferensiya va dasturlarda ishtirok etish orqali ta’lim sifatini baholashning ilg‘or yondashuvlari o‘rganildi va milliy tizimga joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Xalqaro dasturlar va reytinglardagi ko‘rsatkichlar tahlili bo‘limi
Bo‘limning asosiy vazifalari:
Xalqaro dasturlar va reytinglardagi ko‘rsatkichlarni tahlil qilish, umumta’lim muassasalarini xalqaro mezonlar asosida baholash, O‘zbekiston ta’lim tizimining global reytinglar va xalqaro tadqiqotlardagi o‘rnini o‘rganish hamda ushbu natijalar asosida rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan faoliyatni amalga oshirish.
Bo‘lim o‘quvchilarning bilim va kompetensiyalarini baholashga qaratilgan xalqaro tadqiqotlar (PISA, TIMSS, PIRLS, MELQO va boshqalar)da ishtirokni muvofiqlashtiradi, ularning natijalarini chuqur tahlil qiladi hamda milliy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqadi.
Shuningdek, bo‘lim tomonidan xalqaro baholash natijalari asosida ta’lim sifati ko‘rsatkichlari monitoringi yuritiladi, ilg‘or xorijiy tajribalar o‘rganiladi hamda ularni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish yuzasidan tavsiyalar tayyorlanadi. Bo‘lim faoliyati ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarning funksional savodxonligini rivojlantirish va O‘zbekistonning xalqaro ta’lim reytinglaridagi pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bo‘lim tomonidan TALIS 2024, PISA 2025 va PIRLS 2026 xalqaro tadqiqotlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, maktablar tanlovi, test materiallarini tayyorlash, platformalarni moslashtirish, shuningdek test administratorlari va maktab koordinatorlari uchun treninglar o‘tkazildi. Bundan tashqari, xalqaro standartlar asosida baholash jarayonlarini tashkil etish, o‘quvchilarning ochiq strukturalangan topshiriqlarga bergan javoblarini kodlash va tahlil qilish bo‘yicha ishlar olib borildi.