
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida hududlarda “Ta’limda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” shiori ostida ta’lim tashkilotlari psixologlari uchun o‘quv-seminarlari bosqichma-bosqich tashkil etib kelinmoqda.
Mazkur seminarlarning navbatdagi qismi joriy yilning 5-fevral kuni Navoiy shahridagi 16-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Unda maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablari psixologlari faol ishtirok etdilar.

Seminar doirasida "Proyektiv metodikalar va ularni qo‘llash amaliyoti (Luiss Dyuss testi)" mavzusida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlar maktab va oliy ta’lim psixologlari uchun O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti xotin-qizlar psixologi Bo‘stonova Shahzoda Hasanboy qizi, maktabgacha ta’lim psixologlari uchun esa Navoiy shahri 7-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti psixologi Shodmonova Munira Suyunovna tomonidan olib borildi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga proyektiv metodikalardan ta’lim jarayonida samarali foydalanish, bolalar psixologik holatini aniqlash va tahlil qilish, amaliy mashqlar orqali metodlarni qo‘llash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan tushunchalar berildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi hamda mavzular yuzasidan fikr almashdilar.