
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son Farmonida taʼlim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida innovatsion pedagogik yondashuvlarni joriy etish, metodik qoʻllab-quvvatlash tizimini kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.
Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarga asosan, pedagoglarga yangi metodikalarni oʻrgatish maqsadida bir qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning 5-noyabr kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Andijon viloyati Pedagogik mahorat markazida viloyatdagi pedagoglar uchun “Metodik marafon” tashkil etildi.

Tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Yuliya Risyukova bu kabi tadbirlar oʻquv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalar va samarali metodikalarni joriy etishda muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.

"Bugun biz umumiy oʻrta taʼlim tizimida pedagoglarning kasbiy mahoratini uzluksiz oshirish, xalqaro baholash dasturlari tadqiqotlarining navbatdagi bosqichiga puxta tayyorgarlik koʻrish, oʻquv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalar va samarali metodikalarni joriy etish maqsadida tashkil etilgan Metodik marafonda yigʻilganmiz.
Mazkur marafon — nafaqat tajriba almashish, balki oʻqituvchilik kasbining yuksak masʼuliyatini, ilm va ijod uygʻunligini, uzluksiz rivojlanish tamoyilini amalda namoyon etuvchi muhim maydondir.
Bugungi tezkor oʻzgarishlar davrida taʼlim tizimimiz xalqaro mezonlar bilan uygʻunlashib borayotgani, ayniqsa, oʻquvchilarning tabiiy-ilmiy, matematik va oʻqish savodxonligini shakllantirishda innovatsion yondashuvlar zarurligini taqozo etadi.
Shu bois, boshlangʻich taʼlimdan boshlab barcha bosqichlarda 4K — kreativlik, kommunikatsiya, kollaboratsiya va kritik fikrlash metodikalarini joriy etish dolzarb vazifalardan biridir.Ishonchim komilki, bu marafon pedagogik jamoamizni yanada birlashtiradi, oʻzaro hamkorlik va oʻrganish madaniyatini mustahkamlaydi, eng muhimi, oʻquvchilarimizning zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallashiga keng yoʻl ochadi", - dedi markaz direktori.

Marafondan koʻzlangan maqsad:
umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida oʻquv-tarbiya jarayonini zamonaviy talablar asosida innovatsion usullar yordamida oʻqitishni taʼminlash;
xalqaro baholash tadqiqotlarida oʻquvchilarning oʻqish, matematika va tabiiy fanlar savodxonligi boʻyicha baholash natijalaridan kelib chiqib, ularning oʻzlashtirishdagi boʻshliqlar bilan ishlash;
oʻqituvchilarga oʻquvchilarning mantiqiy fikrlash va samarali muloqot qilish, real hayotiy muammolarga yechim topa olishiga yoʻnaltirilgan metodlarni oʻrgatish;
pedagog kadrlarning ilgʻor tajribalarini aniqlash, oʻzaro tajriba almashishlarini yoʻlga qoʻyish va qoʻllab-quvvatlash.

Mazkur “Metodik marafon” tadbirlari oʻqish savodxonligi, matematika, tabiiy fanlar va boshlangʻich taʼlim yoʻnalishlarida 4 ta shoʻbaga boʻlingan holda tashkil etilmoqda.

Onlayn va oflayn tarzda oʻtkazilayotgan marafon davomida 20 ta master-klass berildi va unda respublikamizning barcha hududlaridan qiziqish bildirgan 1 000 nafardan ortiq pedagoglar qamrab olingan. Har bir mashgʻulotdan soʻng ishtirokchilar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Ushbu jarayonlar orqali oʻqituvchilarning metodik mahorati, innovatsion fikrlash koʻnikmalari hamda oʻquvchilarda amaliy bilim va kompetensiyalarni shakllantirish boʻyicha yondashuvlari yanada takomillashmoqda.
Bu esa pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, oʻqitish jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish va taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.