
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son Farmonida taʼlim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida innovatsion pedagogik yondashuvlarni joriy etish, metodik qoʻllab-quvvatlash tizimini kuchaytirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan.

Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarga asosan, pedagoglarga yangi metodikalarni oʻrgatish maqsadida bir qator tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, joriy yilning 6-noyabr kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Fargʻona shahridagi 42-sonli maktabda viloyatdagi pedagoglar uchun “Metodik marafon” tashkil etildi.

Marafondan koʻzlangan maqsad:
umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida oʻquv-tarbiya jarayonini zamonaviy talablar asosida innovatsion usullar yordamida oʻqitishni taʼminlash;
xalqaro baholash tadqiqotlarida oʻquvchilarning oʻqish, matematika va tabiiy fanlar savodxonligi boʻyicha baholash natijalaridan kelib chiqib, ularning oʻzlashtirishdagi boʻshliqlar bilan ishlash;
oʻqituvchilarga oʻquvchilarning mantiqiy fikrlash va samarali muloqot qilish, real hayotiy muammolarga yechim topa olishiga yoʻnaltirilgan metodlarni oʻrgatish;
pedagog kadrlarning ilgʻor tajribalarini aniqlash, oʻzaro tajriba almashishlarini yoʻlga qoʻyish va qoʻllab-quvvatlash.

Mazkur “Metodik marafon” tadbirlari oʻqish savodxonligi, matematika, tabiiy fanlar va boshlangʻich taʼlim yoʻnalishlarida 4 ta shoʻbaga boʻlingan holda tashkil etilmoqda.
Onlayn va oflayn tarzda oʻtkazilayotgan marafon davomida 20 ta master-klass berildi va unda respublikamizning barcha hududlaridan qiziqish bildirgan 1 000 nafardan ortiq pedagoglar qamrab olingan. Har bir mashgʻulotdan soʻng ishtirokchilar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Ushbu jarayonlar orqali oʻqituvchilarning metodik mahorati, innovatsion fikrlash koʻnikmalari hamda oʻquvchilarda amaliy bilim va kompetensiyalarni shakllantirish boʻyicha yondashuvlari yanada takomillashmoqda.
Bu esa pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, oʻqitish jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish va taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.