“G‘oyadan innovatsiyaga”: Uzluksiz ta’lim tizimida STEAM festivali bo‘lib o‘tdi

08.11.2025

Yoshlarning amaliy ko‘nikmalari, zamonaviy kompetensiyalari va kasbiy madaniyatini rivojlantirish, umumiy o‘rta ta’lim o‘quvchilarining kasbga yo‘naltirish jarayoni samaradorlik ko‘rsatkichlarini yanada oshirish orqali mamlakatimizning inson kapitali imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-190-sonli Farmoni va PQ-316-sonli qarorida qator vazifalar belgilangan.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida, joriy yilning 8-noyabr kuni Toshkent shahridagi Alfraganus universitetida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Uzluksiz taʼlim tizimida STEAM gʻoyalar festivali tashkil etildi.

“Gʻoyadan — innovatsiyaga” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Alfraganus universiteti, shuningdek Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Turin politexnika universiteti, YUNISEF, Hindiston elchixonasi va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.

Festival uzluksiz taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlarini qamrab olgan holda, oʻquvchi-yoshlar, pedagoglar, oliygoh vakillari va ilmiy tadqiqotchilar uchun yagona innovatsion maydonga aylandi.

Tadbirning ochilish qismida so‘z olgan Ta’limni rivojlantirish markazi direktori Yuliya Risyukova bunday tadbirlar nafaqat yoshlar, balki pedagoglar uchun ham yangi bilim, tajriba va ilhom manbaiga aylanishini ta’kidladi. 

"Bugun biz zamonaviy taʼlim tizimining eng dolzarb yoʻnalishlaridan biri uzluksiz taʼlimda STEAM yondashuvini rivojlantirishga bagʻishlangan muhim tadbirda toʻplanib turibmiz.

Bu festival yoshlarning ijodiy, intellektual va tadqiqotchilik salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularni yangilik yaratish va ilm-fanga qiziqtirish, shuningdek taʼlim jarayonida innovatsion yondashuvlarni joriy etish sari ilhomlantiruvchi yirik tashabbusdir.

Ishonchim komilki, bugungi tadbir nafaqat yoshlarimiz, balki pedagoglarimiz uchun ham yangi bilim, tajriba va ilhom manbaiga aylanadi. Har bir ishtirokchi bu yerda oʻzining yangi gʻoyasi, innovatsion qarashi yoki ijodiy loyihasi orqali taʼlimning kelajagiga hissa qoʻshadi", – dedi markaz direktori. 

Festivalning asosiy maqsadi – uzluksiz taʼlim tizimida yaratuvchan, innovatsion va kreativ tafakkurni rivojlantirish, STEAM yondashuvini samarali joriy etish hamda yoshlarning ilmiy va amaliy salohiyatini roʻyobga chiqarishdir.

Festival bir necha treklarda tashkil etildi, jumladan, taʼlim ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlashda “Yagona raqamli taʼlim resurslari va xizmatlari portali”, STEAM mashgʻulotlarini oʻtkazishda raqamli resurslardan foydalanish, Taʼlim ishtirokchilari uchun interfaol kurslarni tashkil etish, “Kichik olimlar laboratoriyasi” amaliy toʻgaragini tashkil etish metodikasi, ART: taʼlim oluvchilarda kognitiv qobiliyatlarni kashf etish va rivojlantirish.

Festivalda, shuningdek, resurslar va modellar taqdimoti ham oʻtkazilib, oliygohlar va metodistlar tomonidan ishlab chiqilgan platformalar, VR/AR vositalari, interfaol metodik yechimlar tanishtirildi.

Tadbir yakunida quyidagi nominatsiyalar boʻyicha eng ilgʻor gʻoya mualliflariga diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi:

– Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti – STEAM Innovator – 2025;

– Eng yaxshi ilmiy-tadqiqot loyihasi – Toshkent shahridagi Prezident maktabi;

– Eng yaxshi startap – “Sehriyo” xususiy maktabi;

– Eng yaxshi metodik resurs – Yunusobod tumanidagi Respublika “Kelajak” markazi;

– Mehrli maktab – Future Skills Champions (Kelajak koʻnikmalari chempioni).

Taʼkidlash joizki, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Raqamli taʼlim resurslari va xizmatlari” portali bugungi kunda STEAM taʼlimni qoʻllab-quvvatlashning muhim platformasiga aylanib bormoqda.

Ushbu portaldan STEAM mashgʻulotlarining raqamli resurslari, maktabgacha taʼlimda STEAM koʻnikmalari, tabiiy fanlarga oid virtual laboratoriyalar va simulyatsiyalar, interfaol taʼlim vositalari hamda multimedia dars resurslari muntazam joylab borilmoqda.

Shuningdek, xalqaro nufuzga ega PhET va Physics Aviary kabi taʼlimiy platformalar mahalliylashtirilib, portalga integratsiya qilindi. Bu oʻqituvchilarga dars jarayonlarida ilgʻor raqamli yechimlardan foydalanish, oʻquvchilarda esa tajriba asosida oʻrganish imkoniyatini yaratmoqda.

Mazkur festival nafaqat ilmiy-ijodiy gʻoyalar almashinuvi balki taʼlim tizimida uzluksizlik, hamkorlik va innovatsion fikrlash madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.