
O‘zbekiston Respublikasida ilmiy-tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish hamda xalqaro ilmiy me’yorlarga muvofiq malakali ilmiy kadrlar tayyorlash jarayonida falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarining ilmiy-metodik darajasi va sifat ko‘rsatkichlari alohida ilmiy ahamiyat kasb etadi. Dissertatsiya tarkibining eng asosiy va samarali bo‘g‘ini – asosiy qism bo‘lib, u tadqiqotning ilmiy konseptual yaxlitligi va metodologik izchilligini ifodalovchi markaziy tarkibiy tuzilma sifatida e’tirof etiladi.
Asosiy bo‘limning o‘rni va umumiy tuzilishi
Dissertatsiya odatda quyidagi asosiy tarkibiy qismlardan iborat: kirish (introduction), asosiy bo‘lim, xulosa (conclusion), adabiyotlar ro‘yxati, ilovalar.
Falsafa doktori (Doctor of Philosophy) dissertatsiyasining asosiy qismi kamida uchta bobdan, fan doktori (Doctor of Science) dissertatsiyasining asosiy qismi esa, kamida toʻrtta bobdan iborat boʻlishi lozim[1] va ko‘pincha quyidagicha umumiy tuzilishda bo‘ladi:
Nazariy qism (teoretik asoslar)
Amaliy (empirik / tadqiqot / eksperiment) qism
Umumiy olganda nazariy → metodologik → amaliy → tahliliy qism kabi bosqichlardan iborat deb olinadi.
Doktorlik dissertatsiyasining aniq tadqiqot rejasi va mazmunini belgilashda fundamental, nazariy, uslubiy, ilmiy-kasbiy va kasbiy-amaliy bilimlar, metodlar va turdosh fanlar bo‘yicha eng yangi nazariy bilimlarni qo‘llash.[2]
Dissertatsiya asosiy bo‘limini loyihalash jarayonida nazariy asoslar va amaliy qism o‘rtasidagi mantiqiy bog‘liqlikni ta’minlash ilmiy izlanishning muvaffaqiyatini belgilovchi muhim omildir. Nazariy asoslar tadqiqotning konseptual poydevorini yaratib, unda mavjud ilmiy yondashuvlar, qarashlar va konsepsiyalar tahlil qilinadi hamda tadqiqot muammosining ilmiy mohiyati ochib beriladi. Shu bilan birga, amaliy qism mazkur nazariy g‘oyalarni real tajriba, kuzatuv yoki statistik tahlil orqali tekshiradi va ularning amaliy qo‘llanish imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Nazariya va amaliyot uyg‘unligi ilmiy ishonchlilik, metodologik izchillik hamda natijaviylikni ta’minlaydi. Shuning uchun dissertatsiya asosiy bo‘limini loyihalashda nazariy bilimlarni puxta tahlil qilish, ularga tayangan holda amaliy tajribani tashkil etish, olingan natijalarni esa ilmiy asosda talqin etish zarurdir. Shu yo‘sinda tadqiqotning ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati to‘liq namoyon bo‘ladi.
Nazariy qism tarkibi
Nazariy qismda sizning mavzu bo‘yicha ilmiy adabiyotlarni tahlil qilishingiz, asosiy tushunchalar, nazariyalar, konsepsiyalar, ilgari bajarilgan tadqiqotlar holatini ko‘rsatishingiz kerak.
Adabiyotlarni ko‘rib chiqish va tahlilda quyidagi savollarga javob topish lozim:
Mavzu bilan bog‘liq xalqaro va mahalliy adabiyotlarning tahlili: kimlar, qaysi masalani qanday ko‘rib chiqqan?;
bo‘shliq (gap) tahlili: hozirgi tadqiqotlar nimani qoldirgan? siz nimani qo‘shmoqchisiz?;
tushunchalar, terminlar va ularning ta’riflari: sizning tadqiqotingizda qaysi asosiy tushunchalar ishlatiladi?;
nazariy ramka (theoretical framework) – tadqiqotni qaysi nazariy yondashuvlar asosida qurilyapti?.
Nazariy asoslar va metodologik yondashuvlarga quyidagicha to‘xtalib o‘tish zarur:
foydalanayotgan nazariyalar, konsepsiyalar va ularning tadqiqotdagi roli;
tadqiqot metodologiyasi bilan bog‘liq nazariy asoslar: metod tanlash, ma’lumot yig‘ish va tahlil usullari uchun asos bo‘lgan nazariy yondashuvlar;
zarur hollarda tadqiqot model (model/design) yoki gipotezalar ishlab chiqilishi.
Nazariy bo‘lim yakunida siz ishlagan nazariy asoslar va metodologik yondashuvlarni qisqacha xulosa qilishingiz, amaliy bo‘limga o‘tish uchun tayyorgarlik bo‘lishi lozim.
Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya bilimlarning tegishli sohasida muhim ahamiyatga ega masalaning yangi yechimidan iborat yoki dolzarb ilmiy masalaning yechimiga qaratilgan ilmiy asoslangan ilmiy-texnik yoki ijtimoiy-iqtisodiy tavsiyalar ishlab chiqilgan tugallangan ilmiy ish boʻlishi lozim.[3]
Masalan: “Shu bilan, tadqiqotimiz nazariy jihatdan … modelga tayangan holda, amaliy bosqichda … masalani ko‘rib chiqadi” kabi.
Amaliy qism (empirik/tadqiqot) tarkibi
Amaliy qism – sizning tadqiqotingiz natijalari, ma’lumot yig‘ish va tahlil jarayonlari hamda ularning nazariy asoslarda qanday joylashgani haqida bo‘ladi. Bu bandda amaliy qism bo‘yicha alohida bo‘limlarga bo‘lingan holda qisqacha tavsiyalar beriladi:
Tadqiqotning tashkil etilishi:
tadqiqot obyekti, predmeti, maqsadi, vazifalari, tadqiqot savollari yoki gipotezalar.
tadqiqot metodologiyasi – tanlangan usul, ma’lumot manbalari, namunalar, tadqiqot jarayoni. Masalan: sifatli, miqdoriy, aralash usullar.
tadqiqot bosqichlari – ma’lumot yig‘ish, tahlil qilish, tasdiqlash.
Ma’lumotlar va natijalar:
jamlangan ma’lumotlar – tabel, grafik, diagramma, eksperiment natijalari;
natijalar tahlili – natijalarni avvalgi nazariy xisobga solish, gipotezalarni tekshirish;
misollar bilan izoh – qanday natijalar topildi, ularni qanday interpretatsiya qilish mumkin.
Amaliy tavsiyalar va qo‘llanilishi:
tadqiqot natijalari asosida amaliy tavsiyalar ishlab chiqish: ilmiy va amaliy jihatdan nimani taklif qilasiz?;
qanday tashkilot, soha, jarayonlarda sizning natijalaringiz qo‘llanilishi mumkin?;
tadqiqot cheklovlari va kelajakda tadqiqot yo‘nalishlari.
Asosiy bo‘limni boblar va kichik bo‘limlarga ajratish
Odatda asosiy bo‘lim 3 bobga bo‘linadi. Masalan:
I Bob: Nazariy asoslar
II Bob: Metodologiya va tadqiqot tashkil etilishi
III Bob: Natijalar, tahlil va amaliy qo‘llanilishi
Boblar rim raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega boʻladi. Paragraflar “§” belgisi bilan belgilanadi, arab raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega boʻladi.[4]
Nazariy va amaliy qism o‘rtasidagi bog‘lanish
Muvoffaqiyatli dissertatsiyada nazariy asoslar yaxshi tayyorlangan bo‘ladi va amaliy qism aynan shu nazariy ramka yoki modelga tayangan holda organizatsiya qilinadi. Ya’ni:
nazariy bo‘limda keltirilgan tushunchalar, modellarning sizning tadqiqotingizda qanday qo‘llanilishi aniq bo‘lishi kerak;
amaliy bo‘limda esa nazariy qismdan olgan “yondashuvlar”ni (metodologiya, gipoteza, model) sinab ko‘riladi, natijalarni tahlil qilinadi;
xulosa bo‘limida esa nazariy keltirilgan fikrlar bilan amaliy natijalarni solishtiriladi va “bu nazariya uchun nimani anglatadi” hamda “bu amaliyot uchun nimani anglatadi” qismlarini ajratasiz.
Tavsiya etiladigan amaliy jihatlar
Har bobni kirish, asosiy qism, yakuniy qismlarga ajratish: bu matnni o‘qishni osonlashtiradi va mantiqiy tuzilishni ta’minlaydi.
Har bob oxirida qisqa xulosa bo‘lishi tavsiya etiladi: bu bobdan nimaga erishildi va keyingi bo‘limga qanday o‘tiladi degan jihatni ko‘rsatadi.
Ma’lumotlar va natijalar bo‘limida tasvirlar (jadval, grafik) va ularning izohi bo‘lishi muhim.
Bog‘lanishlar aniq bo‘lishi lozim: nazariy-metodologik asos → amaliy tadqiqot → tavsiyalar.
Hujjat formati, raqamlanish, bo‘lim nomlari va ilmiy izohlar universitet yoki fakultetning talabiga mos bo‘lishi zarur.
Eng muhim tavsiya, tadqiqotchi (dissertant) PhD dissertatsiyasi ishlari uchun bir qancha normativ hujjatlar qatorida quyidagi hujjatlari bilishi va o‘rganib chiqishi zarur.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining “Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori [Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 23-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2894] (https://lex.uz/docs/-3244217).
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2015-yil 20-apreldagi “Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori [Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 14-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2665] (https://lex.uz/docs/-2622518).
[1] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2015-yil 20-apreldagi “Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining 10-bandi [Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 14-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2665] (https://lex.uz/docs/-2622518)
[2] https://ftn.uns.ac.rs/courses/ADTO/doctoral-dissertation-theoretical-bases/?
[3] Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining “Ilmiy darajalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorining 8-bandi [Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 23-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2894] (https://lex.uz/docs/-3244217).
[4] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2015-yil 20-apreldagi “Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining 22-bandi [Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 14-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2665] (https://lex.uz/docs/-2622518)