“Ta’limdagi yashil islohotlar – yangi avlod mas’uliyati” mavzusidagi o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi

12.11.2025

Bugungi kunda ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, o‘quvchi-yoshlarning ekologik tafakkurini rivojlantirish va ta’lim jarayonida barqaror rivojlanish tamoyillarini tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son Farmonida ham “Yashil iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish, ta’lim tizimida ekologik madaniyatni shakllantirish va ekofaol fuqarolikni targ‘ib qilish” vazifalari ijrosini ta’minlash belgilangan.

Davlatimiz rahbari belgilab bergan ushbu ustuvor yo‘nalishlarni amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida joriy yilning 12-noyabr kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan “Ta’limdagi yashil islohotlar – yangi avlod mas’uliyati” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarining tabiiy fan o‘qituvchilari, metodistlar, doktorantlar, magistrantlar va taʼlim tizimi xodimlari ishtirok etdilar.

Seminarning asosiy maqsadi o‘qituvchilarda ekologik tafakkur, eko-innovatsion yondashuv va barqaror rivojlanish tamoyillariga oid bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, shuningdek, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini dars jarayonlariga samarali integratsiya qilishdan iborat.

Tadbirni Ta’limni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Shaxzodbek Kurbaniyazov ochib berdi. U o‘z so‘zida ekologik tafakkur va madaniyatni o‘quv dasturlariga singdirish orqali yosh avlodni tabiatga mas’uliyatli munosabatda bo‘lishga o‘rgatish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, markaz bo‘lim boshlig‘i Sevara Xasanova “Ta’limdagi yashil islohotlar yangi avlod mas’uliyati” mavzusida ma’ruza qildi. Unda ekologik madaniyatni shakllantirish, “yashil islohotlar” yo‘nalishidagi xalqaro tajribalarni o‘rganish va milliy ta’lim jarayonlariga tatbiq etish masalalari yoritildi.

Bundan tashqari, markaz bo‘lim boshlig‘i Sarvar Usmonov “Ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan foydalangan holda resurslar yaratish” mavzusida ma’ruza qilib, ekologik yo‘nalishdagi darslarni raqamli texnologiyalar orqali boyitish imkoniyatlarini ko‘rsatdi.

Ta’kidlash lozim, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Raqamli ta’lim resurslari va xizmatlari” portaliga “Ekologik savodxonlik va madaniyat” nomli yangi o‘quv kursi ham joylashtirilgan bo‘lib, unda eko-innovatsiyalar va zamonaviy ekologik ta’lim yo‘nalishlari, barqaror rivojlanishning kelajak avlodlar uchun ahamiyati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik ta’lim jarayonini tashkil etishdagi metodologik yondashuvlar yoritilgan.

Kursda ma’ruza matnlari, taqdimotlar, video materiallar, interfaol topshiriqlar, amaliy keyslar, glossariy va onlayn testlar jamlangan. Ushbu o‘quv platforma o‘qituvchilarga ekologik savodxonlikni chuqur o‘zlashtirish, dars jarayonlarida zamonaviy metodlardan foydalanish va barqaror rivojlanish g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi.

Seminar davomida savol-javob sessiyalari o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalari va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar. Bunda ishtirokchilar ekologik savodxonlikni oshirish, barqaror rivojlanish tamoyillarini o‘quv jarayonlariga chuqur singdirish va “yashil islohotlar”ni ta’lim tizimining ajralmas qismi sifatida qaror toptirish muhimligini ta’kidladilar.

Tadbir yakunida esa ta’limda ekologik yondashuvlarni ilgari surishda faol bo‘lgan pedagoglar markazning sertifikatlari bilan taqdirlandilar.