
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ–231-sonli “Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida taʼlim jarayoni ishtirokchilarining ilmiy-ijodiy potensialini roʻyobga chiqarish, o‘quv jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalar, muhandislik yondashuvlari, san’at va ilm-fan integratsiyasi tamoyillarini joriy etish hamda hayotga tayyorlashning kompetensiyaviy va innovatsion modeli asosida uzluksiz ta’lim tizimida STEAM (Science, Technology, Engineering, Arts, Mathematics) ta’limining kontseptual mazmuni, metodologiyasi va didaktik vositalarini ommalashtirish vazifalari belgilab qo‘yilgan.
Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan joriy yilning 8-noyabr kuni Toshkent shahridagi Alfraganus universitetida “Uzluksiz taʼlim tizimida STEAM gʻoyalari” festivali tashkil etildi. Mazkur ilmiy-amaliy tadbir maktabgacha, umumiy oʻrta, qoʻshimcha va oliy taʼlim muassasalari bosqichlarida izchil integratsiyalashgan taʼlim jarayonini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, taʼlim sohasida innovatsion yondashuvlarni ommalashtirish hamda STEAM yo‘nalishlari integratsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan muhim tashabbus boʻldi.
Festivalning asosiy maqsadi taʼlim jarayoniga uzluksiz taʼlim tizimida maktabgacha va maktab, qoʻshimcha taʼlim, oliy taʼlim muassasalari oʻquvchilari hamda talabalarining yaratuvchan, kreativ va innovatsion tafakkurini rivojlantirish, STEAM yoʻnalishlarini birlashtirgan holda ishtirokchilar oʻzlarining gʻoyalari, tadqiqotlari va amaliy yechimlarini namoyish etadigan yagona innovatsion makon yaratish orqali taʼlimni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Festivalda belgilangan vazifalar:
taʼlim bosqichlari oʻrtasida uzviylikni mustahkamlash;
innovatsion gʻoya va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;
taʼlim oluvchilarda ilmiy-tadqiqot kompetensiyalarini shakllantirish;
eng yaxshi taʼlimiy amaliyotlar va innovatsiyalarni namoyish etish;
taʼlim oluvchilarni kasbga yoʻnaltirish, fan, iqtisodiyot va sanoat integratsiyasini shakllantirish;
kelajak kasblariga samarali tayyorlashda STEAM yondashuvni ommalashtirish.
Mazkur nufuzli festivalning ochilish marosimida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Y.Risyukova, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari A.Turdiyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori oʻrinbosari S.Raximboyev, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi direktori A.Husanov, shuningdek, Toshkent shahridagi Alfraganus universiteti rektori v.b. A.Ismailov va Hindiston Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili Punit Yadav kirish soʻzlari bilan ishtirok etishdi.
Ular oʻz chiqishlarida Oʻzbekistonda uzluksiz taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, zamonaviy STEAM taʼlim paradigmasini amaliyotga joriy etish orqali yosh avlodning ijodiy, innovatsion va tadqiqot salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida urgʻu berishdi. Festival tashkilotchilari va ishtirokchilarga bildirilgan samimiy minnatdorchilik soʻzlari taʼlim sohasidagi hamkorlik, tajriba almashinuvi va ilmiy-ijodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yuksak e’tirof sifatida yangradi.
Shu bilan bir qatorda, Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti rektori O.Toʻychiyev tomonidan “STEAM rivoji uchun innovatsion yondashuv” mavzusidagi ilmiy-ma’ruzada zamonaviy ta’lim jarayoniga ilg‘or muhandislik va texnologik yondashuvlarni joriy etishning nazariy-metodik asoslari, ta’limda integrativ kompetensiyalarni rivojlantirish hamda yoshlarning texnik tafakkurini shakllantirish omillari atroflicha yoritib berildi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti oʻquv ishlari bo‘yicha prorektori J.Sultanov o‘zining “Taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi asosida muhandislik taʼlimi transformatsiyasi: TATU tajribasi asosida” mavzusidagi taqdimotida oliy ta’lim tizimidagi uzviy hamkorlikning amaliy natijalari, raqamli iqtisodiyot sharoitida muhandislik ta’limining transformatsion modelini yaratish tajribalari hamda ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etishning konseptual yo‘nalishlarini ilmiy tahlil etdi.
Festival davomida ishtirokchilar tomonidan taʼlim bosqichlari boʻylab uzviylikni namoyish etuvchi interfaol koʻrgazmalar, fan-texnika ishlanmalari, robototexnika modellari, ilmiy tadqiqot loyihalari, startaplar va sanʼat asosidagi STEAM ishlanmalar namoyish etildi. Jami 8 ta koʻrgazmada 40 tadan ortiq tashkilotlar tomonidan koʻrgazma taqdimotlar qilindi. Festivalda 230 dan ortiq taʼlim ishtirokchilari qatnashdi.
Koʻrgazmalardan soʻng festival doirasida 5 ta asosiy yoʻnalish (trek) boʻyicha sessiyalar tashkil qilindi. Jumladan:
“Yagona raqamli taʼlim resurslari”;
“STEAM mashgʻulotlarini oʻtkazishda raqamli resurslardan foydalanish”;
“Taʼlim ishtirokchilari uchun interfaol kurslarni tashkil etish”;
“Kichik olimlar laboratoriyasi amaliy toʻgarakni tashkil etish metodikasi”;
“ART: taʼlim oluvchilarda kognitiv qobiliyatlarni kashf etish va rivojlantirish” mavzularida olib borildi. Mazkur sessiyalarda Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tajribali mutaxassislari hamda boshqa ekspertlari tomonidan mahorat darslari, master-klasslar hamda ilmiy-amaliy taqdimotlar oʻtkazildi. Taqdimotlar doirasida talabalar va o‘quvchilarda mustaqil, ijodkor va tanqidiy fikrlash kompetensiyalarini shakllantirish, innovatsion loyiha faoliyatini rivojlantirish hamda amaliy tajriba va ilmiy izlanishlar sinteziga asoslangan ta’lim modelini ommalashtirishning dolzarb jihatlari keng muhokama qilindi. Ushbu ilmiy-innovatsion yondashuvlar, o‘z navbatida, uzluksiz ta’lim tizimida STEAM ta’lim falsafasini chuqurlashtirish va yoshlarning kreativ-intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Festival doirasida taqdim etilgan loyihalar Markaz tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida Hakamlar hayʼati tomonidan baholandi. Baholash innovatsionlik, ilmiy-amaliy ahamiyat, tatbiq etish imkoniyati, ijtimoiy taʼsirligi hamda taqdimot madaniyati kabi 5 mezon asosida 100 ballik tizimda amalga oshirildi. Baholashlar shaffof va xolis tarzda oʻtkazilib, har bir nominatsiya boʻyicha gʻolib va sovrindorlar aniqlandi, Festival yakunida spiker ekspertlar bilan muhokama paneli tashkil qilindi hamda sovrindor va ekspertlar tashakkurnoma, diplom, va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
“Uzluksiz taʼlim tizimida STEAM gʻoyalari” festivali – Oʻzbekistonda taʼlim sohasini innovatsion asosda rivojlantirish, ilm-fan, texnologiya, muhandislik, sanʼat va matematika integratsiyasiga asoslangan zamonaviy taʼlim falsafasini amaliyotga joriy etish yo‘lida muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etdi. Festival davomida taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish, o‘quvchilarda mustaqil, ijodkor va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish masalalari atroflicha tahlil qilindi.
Festival nafaqat pedagogik innovatsiyalarni ommalashtirish, balki uzluksiz taʼlim tizimida STEAM taʼlimining kontseptual asoslarini takomillashtirish, milliy taʼlim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilarning ilmiy-ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlashda ham samarali platforma vazifasini bajardi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston ta’lim tizimini kelajak avlodning raqamli, kreativ va muhandislik tafakkuriga tayangan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.