
Joriy yilning 21-noyabr kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda ijtimoiy-emotsional ta’lim bo‘yicha seminar-trening tashkil etildi.

Nazariy va amaliy mashg‘ulotlarga boy tarzda o‘tkazilgan ushbu tadbirda malayziyalik mutaxassis Muhamad Amir hamda Toshkent shahrining 30 nafarga yaqin maktab psixologlari qatnashib, mavzu yuzasidan o‘zaro bilim va tajribalar almashdilar.
Xususan, malayziyalik mutaxassis tomonidan ishtirokchilarga ijtimoiy-emotsional ta’limning nazariy asoslari, maktab ta’limiga tatbiq etish mexanizmlari, shuningdek Malayziya, OECD va Qo‘shma Shtatlar ta’lim tajribalari asosida shakllangan tahliliy ma’lumotlarni taqdim etildi.

Bundan tashqari, ijtimoiy-emotsional ta’lim yondashuvining o‘quvchilarda emotsional barqarorlik, o‘zini anglash va ijtimoiy muhitga moslashuv jarayonlariga ta’siri yuzasidan ham o‘zari fikr almashildi.
Shu bilan birgalikda, psixologlarga ijtimoiy-emotsional ta’lim kompetensiyalarini rivojlantirish, xalqaro amaliyotlarni mahalliy ta’lim jarayoniga moslashtirish hamda o‘quvchilarning ijtimoiy-emotsional rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan samarali yondashuvlar taqdim etildi.

Mazkur seminar-trening psixologlar kasbiy kompetensiyasini oshirish va ta’lim sifatini yaxshilashga xizmat qiluvchi muhim tashabbus bo‘lib, ishtirokchilar tomonidan uni tizimli ravishda davom ettirish bo‘yicha takliflar bildirildi.