Maktabgacha taʼlim tizimida raqamli texnologiyalardan foydalanish boʻyicha seminar-trening tashkil etildi

30.10.2025

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi hamda “Atrof-muhitni asrash va ‘yashil iqtisodiyot’ yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi”da taʼlim tizimi xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, ularni raqamli kompetensiyalar asosida qoʻllab-quvvatlash va psixologik tayanchni mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan joriy yilning 30-oktyabr kuni “Raqamli transformatsiya: maktabgacha taʼlim ishtirokchilarini metodik va psixologik qoʻllab-quvvatlash” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Tadbirda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi mutaxassislari, Maktabgacha taʼlim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish instituti professor-oʻqituvchilari, poytaxtdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarining “Metodik mahorat kuni” doirasidagi seminar-trening mashgʻulotlarini olib boruvchi trenerlar va pedagoglar, jami 70 nafardan ortiq soha vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish qismida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi boshqarma boshligʻi Mehriniso Pardayeva maktabgacha taʼlim tizimida raqamli vositalardan foydalanish orqali pedagog va psixologlarning faoliyat samaradorligini oshirish zarurligini taʼkidladi.

Shuningdek, Pedagogik mahoratni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Zamira Sangirova “Maktabgacha taʼlim tashkiloti pedagoglarini metodik va psixologik qoʻllab-quvvatlash” mavzusida maʼruza qildi. U oʻqituvchilarning kasbiy stressini kamaytirish, psixologik barqarorlikni mustahkamlash hamda tarbiyachilarni metodik yangiliklar bilan tanishtirish masalalariga toʻxtaldi.

Bundan tashqari, markazning Raqamli taʼlim resurslarini joriy etish boʻlimi boshligʻi Sarvar Usmonov “Maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatida raqamli taʼlim resurslaridan samarali foydalanish” mavzusida taqdimot oʻtkazdi. U “Yagona raqamli taʼlim resurslari va xizmatlari” portali orqali mavjud metodik hamda psixologik yordamga oid materiallardan foydalanish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar seminarda koʻtarilgan masalalar boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar hamda raqamli vositalar orqali metodik va psixologik yordamni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ilgari surdilar.