Maktab ta’limini rivojlantirishga doir masalalar muhokama qilindi

31.10.2025

Joriy yilning 31-oktyabr – 1-noyabr kunlari A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filialida “Zamonaviy maktabda oʻqitish metodikasi: dolzarb muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusidagi III Rossiya–Oʻzbekiston ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Konferensiya oflayn va onlayn formatlarda tashkil etilib, unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi xodimlari hamda Oʻzbekiston va Rossiyadan 300 dan ortiq olimlar, professor-oʻqituvchilar, oliygohlarning pedagogika yo‘nalishi talabalari ishtirok etmoqda.

Ikki kun davom etadigan tadbirning yalpi qismida maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, shuningdek, mazkur yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar “Ta’lim boshqaruvi”, “Boshlang‘ich ta’lim metodikasi”, “Informatika”, “Matematika”, “Fizika” va “Kimyo” sho‘balarida o‘zaro tajriba va fikr almashdilar.